Hokkey

Oʻzbek hokkey jamoasi ham KHLda ishtirok etadi

Kelgusida Oʻzbekiston hokkey jamoasi Kontinental hokkey ligasida (Kontinental Hockey League) ishtirok etadi. Bu haqda Oʻzbekiston hokkey federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimiga yangi saylangan Iskandar Shodiyev maʼlum qildi.

Shodiyevning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda hokkey butun respublika boʻyicha rivojlantiriladi va buning isboti oʻlaroq mintaqaviy ligada oʻzbek jamoasi ham ishtirok etadi.

“Oʻzbekistonda xokkey asta-sekinlik bilan rivojlantirilmoqda. Bu yildan milliy chempionat ham tashkil etildi. Poytaxtimizda katta muz arenasi bunyod etilmoqda. Maqsadimiz — xokkeyni Respublika boʻylab rivojlantirish. Vaqti kelib KXLda ham oʻz jamoamiz boʻladi”, – degan Shodiyev.

Hozircha qachon Oʻzbekiston hokkey jamoasi mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etishi mumkinligi maʼlum emas.

Maʼlumot uchun, KHL ligasi xalqaro ochiq liga boʻlib, unda Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Xitoy, Latviya, Slovakiya va Finlyandiya jamoalari ishtirok etadi va yakunda bosh mukofot Gagarin kubogi uchun kuch sinashadi. Birinchi QHL chempionati 2008/09 yilgi mavsumda boʻlib oʻtgan.

Ayni vaqtda ligada jami 25ta jamoa ishtirok etmoqda. Ular ikki — gʻarbiy va sharqiy mintaqaga boʻlingan holda bahs olib borishadi. Har bir mintaqa alohida divizionlarga ajratilgan. Gʻarbiy mintaqada Bobrov va Tarasov divizionlari boʻlsa, sharqiy mintaqada Xarlamov va Chernishyov divizionlari mavjud.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid